Toshkentdagi Yapon bog‘i
Yapon bog‘i Toshkentning shimoliy qismida joylashgan. Bahorda mehmonlar bu yerga sakura gullashining yorqin suratlarini olish uchun kelishadi. Yilning boshqa fasllarida bog‘ sayr qilish va hordiq chiqarish uchun shinam joyga aylanadi.
Yapon bog‘ida nimalar qilish mumkin
Yapon bog‘i — Toshkentning nisbatan yangi diqqatga sazovor joyidir: dam olish maskani 2001-yilda ochilgan. Bu yerga metroda yetib kelish oson — "Badomzor" metro bekatining chiqish joylaridan biri bu yerdan bir necha daqiqalik piyoda yo‘l masofasida joylashgan. Hududga kirish pullik. Tashrif uchun to‘lovni naqd pul yoki xalqaro bank kartalari orqali amalga oshirish mumkin.
Yapon bog‘iga kelish uchun eng yaxshi vaqt — bahor faslidir. Bu vaqtda hududda yorqin sakura gullaydi, ammo bu yerga yozda yoki kuzda kelsangiz ham, qiziqarli fotosuratlar olish uchun bir nechta lokatsiyalarni osongina topasiz.
Yapon bog‘i hududida sayr qilish uchun yo‘laklar yotqizilgan. Bu yerda baliqlar va Choy pavilyoni bo‘lgan kichik hovuz, qushlar uchun volyerlar (qafaslar) mavjud. Bog‘ning uzoqroq qismida muzqaymoq va ichimliklar sotiladigan kichik ko‘cha kafesi joylashgan.
Bog‘ning sharqiy qismida suv havzasi bo‘ylab sayr qilish uchun katamaran ijaraga olish mumkin bo‘lgan pirs bor (ijara uchun alohida to‘lanadi). Agar sizda tantanali tadbir rejalashtirilayotgan bo‘lsa, bog‘ xodimlari fotosessiya tashkil etishda sizga yordam berishlari mumkin.
Bog‘ bo‘ylab sayr qilgandan so‘ng, Minor masjidi yoki Toshkent teleminorasiga borish mumkin — uning yuqori qavatlaridan birida panoramali kuzatuv maydonchasi joylashgan.